Maqsad – mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish

Maqsad – mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish

Bugun elektr energiyasisiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Negaki, undan kundalik turmushda keng va samarali foydalanamiz. Biroq elektr energiyasi ham cheksiz emas. Shunday ekan, iste’mol qilingan elektr energiyasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida, kechirtirmay to‘lashni unutmaslik lozim. Ammo ba’zida ayrim yurtdoshlarimiz iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovini to‘lashni xohlamaydi, ba’zida esa ta’minot korxonasi qarzdorlikni hisoblashda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yadi. Oxir-oqibat ko‘pgina muammolar sud jarayonida yechim topayapti.


Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudida sudyalar va “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham aynan shu masalalar yuzasidan fikr almashildi. 


Xususan, unda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi ta’minot korxonalari tomonidan maishiy iste’molchilardan mavjud debitor qarzdorliklarni va ular tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida yetkazilgan zararlarni undirish borasida kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha taqdim etilayotgan hujjatlardagi kamchiliklar, sudlarda ishlarning ko‘rib chiqilishi, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga amal qilinishining ahvoli, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorlari ijrosi bo‘yicha yuzaga kelayotgan ayrim muammolar muhokama qilindi. 

Ta’kidlanganidek, ta’minot korxonasi mas’ullari tomonidan iste’molchilardan mavjud debitor qarzdorliklarni va ular tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida yetkazilgan zararlarni undirish borasida sudlarga da’vo arizalari kiritishda asoslovachi hujjatlarni taqdim etish, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga amal qilinishi borasida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, tuman (shahar) elektr ta’minoti korxonasi xodimlari va iste’molchilar “Elektr ta’minoti shartnomasi”ga, shartnomada belgilangan elektr energiyasini iste’mol qilish tartibiga qat’iy amal qilish lozimligi uqtirilib, sudga hujjat taqdim etish jarayonida ma’lumotlarni to‘liq o‘rganish, qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan rasmiylashtirilayotgan dalolatnomalar bo‘yicha qayta hisob-kitobni amalga oshirish  masalasiga alohida e’tibor berish kerakligi, ayniqsa, qayta hisobni uch yilga hisoblash borasida iste’molchilardan shikoyat tushayotgani aytib o‘tildi. 

Muloqot davomida “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi mas’ul xodimlari bu borada amalga oshirilayotgan islohot, o‘zgarish va yangiliklarga doir o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Ta’kidlanganidek, elektr energiyasi mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Shu bois bugungi kunda ta’minotdagi uzilish va cheklovlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramay, ayrim iste’molchilar elektr energiyasidan noqonuniy va shartnomasiz  foydalanib kelmoqda. Tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanish va foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik hollari ham uchrab turibdi. Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning to‘rt oyi davomida viloyatdagi ta’minot korxonalari huquqshunoslari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga umumiy da’vo qiymati 10 milliard 838 million 105,8 ming so‘m bo‘lgan 8 ming 141 ta ariza kiritilgan. O‘tgan yil davomida esa bu ko‘rsatkich 13 ming 378 tani tashkil etib, umumiy da’vo qiymati 8 milliard 892 million 958,4 ming so‘mga yetgan. Bugungi kunda esa sud tomonidan jami 8 milliard 352 million 124,8 ming so‘mlik 8 ming 497 ta ish ko‘rilib, barchasida ta’minot korxonalari foydasiga qaror chiqarilgan. Hozirgi vaqtda sudlarda da’vo qiymati 11 milliard 448 million 902,4 ming so‘m bo‘lgan 8 ming 720 ta ish mavjud.

O‘z navbatida, ishni ko‘rish jarayonida sudlarga taqdim qilingan ashyoviy dalillarga, ya’ni fotosurat va videoyozuvlarga ayrim hollarda ahamiyat berilmayotgani, bundan tashqari, ba’zida ishlar tuman (shahar) elektr ta’minoti korxonasining vakillari ishtirokisiz ko‘rilayotgani qayd etildi. Shuningdek, kelgusida ham shunday ochiq muloqot, o‘quv-seminarlarni tashkil etish maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlandi.